Bugungi kunda tibbiyot sohasining eng muhim yo‘nalishlaridan biri — ichki kasalliklar bo‘yicha ilmiy izlanishlar va innovatsion yondashuvlar tobora dolzarblashib bormoqda. Shu munosabat bilan Toshkent davlat tibbiyot universiteti 1-sonli Akademik litseyida mazkur yo‘nalishdagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘z ishini rasman boshladi.
Anjumanda O‘zbekistonning yetakchi professor-o‘qituvchilari, ichki kasalliklar bo‘yicha xorijiy tibbiyot markazlari mutaxassislari, ilmiy izlanuvchilar va yosh olimlar ishtirok etmoqda. Tadbirning asosiy maqsadi ichki kasalliklar diagnostikasi, davolash texnologiyalari hamda profilaktik yondashuvlar bo‘yicha eng so‘nggi ilmiy natijalarni muhokama qilishdir.
Tadbir davomida:
• ichki kasalliklar bo‘yicha global tendensiyalar,
• zamonaviy terapevtik va innovatsion tashxis usullari,
• yurak-qon tomir, endokrin, gastroenterologik hamda nafas tizimi kasalliklarining dolzarb masalalari keng yoritilmoqda.
Anjuman ma’ruza va panel sessiyalari, ilmiy muhokamalar, amaliy seminarlar ko‘rinishida tashkil etilgan bo‘lib, ikki kun davomida mutaxassislar uchun tajriba almashish, ilmiy hamkorlik aloqalarini kengaytirish va yangi tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini taqdim etadi.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti ushbu xalqaro ilmiy-amaliy anjuman orqali ichki kasalliklar yo‘nalishidagi ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish hamda yosh olimlar uchun yangi imkoniyatlar yaratishni maqsad qilgan.

